E’tiboringizga havola etilayotgan kitob muallifining avvalgi asarlarining mantiqiy davomidir. Asar qahramonlari – Faxriddin va Sanjarbeklar o‘z xizmat vazifalarini ado etmoqqa kirishar ekanlar, bu gal ham ajabtog‘ur voqealar, kutilmagan jumboq bilan yuzma-yuz keladilar.
Kitobni dastavval qo‘liga olgan o‘quvchilar jinoyat ishining tarixiy voqealar, xususan, Amir Olimxon xazinasi bilan nechog‘lik bog‘liq ekani haqidagi jumboq qarshisida bir zum kalovlanib qoladi. Asar muallifining mahorati xuddi mana shu nuqtada bo‘y ko‘rsatadi.
Kitobxon asar mutolaasi davomida yechimning tezroq topilishini qanchalik istamasin, muallif o‘sha jarayongacha o‘quvchini boshqa-boshqa jinoyatlar, boshqa-boshqa taqdirlar, boshqa-boshqa muammolar girdobiga tortaveradi.
Darvoqe, “Tergovchi” degan umumiy nom ostida nashrga tayyorlangan mazkur detektiv seriya yozuvchi ijodining o‘nta kitobini o‘z ichiga oladi.